Uzbek Language Learning Podcasts   /     Uzbek podcast 021006

Summary

ALISHER NAVOIY (1441 - 1501) 9 – fevral kuni ulug‘ o‘zbek shoiri, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi, mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludiga 565 yil to‘ldi. Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Hirotda tug‘ilib, umrining asosiy qismini shu yerda o‘tkazgan. Uning otasi G‘iyosiddin Muhammad temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan bo‘lgan. Alisher kichiklik chog‘idan she’r va musiqaga qiziqdi. Olimu fozillar davrasida bo‘ldi. U yetti yoshidayoq Farididdin Attorning 'Mantiqut-tayr' asarini yod olgan edi. Alisher maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim oldi, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo‘ldi. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o‘tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig‘ib, 'Ilk devon' (1464-65) tuzadilar. Navoiyning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq 'Xazoyinul-maoniy' nomli to‘rt devon (1491-1498)ga jamlangan. Alisher Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi 'Xamsa' asari (1483-85)dir. Shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq 'Xamsa' yaratdi va turkiy tilda shunday ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. 'Xamsa' tarkibiga 'Hayrat ul-Abror', 'Farhod va Shirin', 'Layli va Majnun', 'Sab'ai sayyor', 'Saddi Iskandariy' kabi dostonlar kiradi. Navoiy fors adabiyoti va adabiy tili bilan raqobat qila oladigan katta bir adabiyot yaratish va u orqali turkiy til imkoniyatlarini ko‘rsatib berishdek ulkan vazifani o‘z zimmasiga oldi va bu sharafli ishni uddasidan ciqa oldi. Navoiyning 'Muhokamatul-lug‘atayn' asari o‘z zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususiyatlari bilan qiyoslashga bag‘ishlangan. Jonli xalq tilida qo‘llanilgan ko‘plab so‘zlarni asarga kiritib, ularni adabiy tilda shakllantirdi. Mahmud Qoshg‘ariydan so‘ng o‘zbek tili grammatikasiga ilmiy asos soldi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O‘zbekiston Davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, Opera va balet akademik teatri, O‘zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo‘jaliklari ulug‘ shoir nomi bilan ataladi.

Subtitle
Authentic listening materials for students of Uzbek from CeLCAR
Duration
3:05
Publishing date
2006-02-10 20:00
Link
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek021006.mp3
Contributors
  CeLCAR, Indiana University
author  
Enclosures
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek021006.mp3
audio/mpeg