Boychechak Boychechak ilk bahor darakchisidir. Shuning uchun ham Sharq xalqlari bu gulning ochilishini ko‘klam nishonasi deb bilishgan. Erta bahorda bolalar to‘da-to‘da bo‘lishib, qir-adirlardan boychechak qidirishgan. Kim birinchi bo‘lib boychechakni topsa, uni baxtli hisoblashgan. Bolalar topib olgan boychechaklarini bekitib olib, hovlima-hovli yurib qo‘shiq aytishgan. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yugurib chiqqan boychechak. Boychechagim boylandi, Qozon to‘la ayrondi. Ayroningdan bermasang, Qozon-tovog‘ing vayrondi. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak. Boychechakni tutdilar, Tut yog‘ochga osdilar, Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yoptilar... Boychechak qo‘shig‘ini eshitgan odamlar shunday kunga yetib kelganiga shukr qilib, quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qo‘shiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, o‘zlarini yengil his qilishgan. Bolalar boychechakni avvalo qariyalarga berishga intilishgan. Chunki ular boychechakni g‘oyat qadrlashgan. Bu gul ularga qishdan eson-omon chiqqanligi, yana bahor kelib, yangi hayot boshlanganidan dalolat bergan. Shuning uchun ham qariyalar boychechakni ko‘zlariga surtib, “Omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan.