Uzbek Language Learning Podcasts   /     Uzbek podcast 030306

Summary

Navro‘z Navro‘z – O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy bayramidir. Bu bayram bahor faslida, kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, ya’ni 21-22 martda nishonlanadi. Navro‘z so‘zi forscha nav “yangi” va ro‘z “kun” so‘zlarining birlashmasidan hosil qilingan bo‘lib, yangi kun ma’nosini anglatadi. Navro‘z bayramini barcha fors, arab, turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar har yili bahorda nishonlab kelishgan. Bu qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayrami hisoblanadi. Qadimda Navro‘z kunlari dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar yerga qo‘sh solishgan. O‘tgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ularning mozorlari obodonlashtirilgan. Ommaviy ravishda mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazilgan. Ko‘pkari-uloq, kurash, turli hayvon va parrandalar “jang” lari, xo‘roz, it, qo‘chqor urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor o‘yinlari singari xalq tomoshalari tashkil qilingan. Bayram kunlari urishgan do‘st-og‘aynilar, qarindosh-urug‘lar yarashib, bir-birlarini Navro‘z bilan tabriklashgan. Hozirgi kunda ham Navro‘z arafasida xayriya ishlari: muhtojlarga yordam berish va qariyalarni ziyorat qilish, kasallar holidan xabar olish ishlari amalga oshiriladi. Navro‘z arafasida va bayram kuni sumalak, halim, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi taomlar pishiriladi. Navro‘zning shoh taomi bo‘lgan sumalakni ayollar, halimni esa erkaklar tayyorlashadi. Ularning ikkisi ham bir kun davomida tayyor bo‘ladi. Sumalak va halim vitaminlarga boy, yuqori kaloriyali taom hisoblanadi. Bu taomlarni Navro‘zda to‘yib iste’mol qilgan kishi keyingi ko‘klamgacha tetik va sog‘lom bo‘ladi. Navro‘z kuni barcha joylarda katta tomoshalar, tantanalar bo‘lib o‘tadi. Bayramda O‘zbekistonga turli mamlakatlardan mehmonlar kelishadi. Bayram tantanalari Toshkentdagi Milliy bog‘da o‘tkaziladi. Bu kuni har xil tomoshalar, sayillar bo‘ladi.

Subtitle
Authentic listening materials for students of Uzbek from CeLCAR
Duration
3:05
Publishing date
2006-03-03 20:00
Link
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek030306.mp3
Contributors
  CeLCAR, Indiana University
author  
Enclosures
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek030306.mp3
audio/mpeg