Uzbek Language Learning Podcasts   /     Uzbek podcast 031006

Summary

Sumalak Sumalak Navro‘zning shoh taomi bo‘lib, u ilk ko‘klam darakchisi, baraka, hosildorlik, to‘kin-sochinlik, ahillik, tan-sihatlik va ezgulik timsolidir. Sumalak haqida juda ko‘p afsonalar mavjud. Biroq ularning hammasida umumiy mazmun bor: Bolalarni ochlikdan qutqazish maqsadida chora izlagan ona ko‘katdan taom pishirishga intiladi. Unga farishtalar yordamga keladi. Tongda taomga ilohiy ta’m kiradi. Natijada bu taom bolalarni o‘limdan saqlab qoladi. Sumalak tayyorlashdan oldin yoshi ulug‘ kishilarning duolari olinadi. Ota-bobolarning ruhlarini shod etish uchun qur’on tilovat qilinadi. Sumalakni tayyorlash jarayoni ayollarning o‘ziga xos marosimiga aylanib ketadi. Sumalak ayollarning bir jamoa bo‘lib harakat qilishi natijasida tayyorlanadi. Ular sumalak tayyorlash, uni pishirish paytida bir-birlari bilan suhbat qilishadi, turli hikoyalar va latifalar aytishadi. Shuningdek, sumalak ishtirokchilari childirma (doira) chalib, raqsga tushishadi, qo‘shiq aytib o‘yin-kulgi qilishadi. Uy bekalari sumalak ishtirokchilari uchun ko‘k chuchvara, ko‘k somsa, qatlama, chalpak singari tansiq taomlar tayyorlashadi. Sumalak tayyorlashda erkaklarning ham o‘ziga yarasha yumushlari bor. Ular sumalak uchun o‘choq qazishadi, o‘tin tayyorlashadi va olovni nazorat qilishadi. Sumalak uchun bug‘doy donini qulay sharoitda undirib, uni kelida tuyib shirasi olinadi. So‘ng unga yog‘, un qo‘shib katta doshqozonda 13-14 soat qaynatiladi. Qozonga solinayotgan har bir narsa oldidan duo va yaxshi niyatlar qilinadi. Sumalak tagiga olmasligi uchun qozonga tosh va yong‘oq solinadi. Shuningdek, sumalakni ayollar galma - galdan kovlab turishadi. Sumalak kovlash ham savob ish hisoblanadi. Uni yahshi niyatlar, ezgu orzular va el-yurt uchun baraka tilab kovlanadi. 13-14 soatdan so‘ng sumalak tayyor bo‘ladi. Qozonning usti asta-sekin yopiladi va 2-3 soat tindiriladi. Qozonning tagidagi o‘t o‘chiriladi. Keyin qozonni ochib, elu yurtga sumalak tarqatiladi. An’anaga ko‘ra sumalakni birinchi yoshi ulug‘ kishilarga va masjidlarga atab idishlarga solinadi.

Subtitle
Authentic listening materials for students of Uzbek from CeLCAR
Duration
3:05
Publishing date
2006-03-10 20:00
Link
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek031006.mp3
Contributors
  CeLCAR, Indiana University
author  
Enclosures
http://www.indiana.edu/~celcar/podcasts/uzbek/uzbek031006.mp3
audio/mpeg